O‘ZBEKISTON-BRITANIYA HAMKORLIGINI KENGAYTIRISH IMKONIYATLARI MUHOKAMA QILINDI

 

Oliy ta’lim sohasida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama etish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimovning Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Timati Torlou (Timothy Torlot) bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir davomida bo‘lib o‘tgan suhbat oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning umumiy masalalariga bag‘ishlandi.

Elchi T. Torlou Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga yaqinda tayinlangan direktor D. Vaddinghemni vazirlik vakillariga tanishtirdi. Suhbat boshida K. Karimov mehmonlarga respublika oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, K. Karimov oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya aloqalari yuzasidan o‘zining iliq fikrlarini bildirib o‘tdi. Xususan, Britaniya Kengashining ingliz tilini o‘qitish, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish borasida respublika oliy ta’lim muassasalariga (OTM) ko‘rsatayotgan yordamini hamda OTMlar ta’lim sifatini yaxshilash yo‘nalishida amalga oshirayotgan loyihalarini e’tirof etdi. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun qator dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan OTMning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash, baholashning kredit-modul tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni sanab o‘tdi. Vazirning birinchi o‘rinbosari yuqorida sanalgan yo‘nalishlarda O‘zbekiston-Britaniya hamkorligini kengaytirish imkoniyatini o‘rganib chiqishni taklif etdi.

Bildirilgan iliq fikrlarga minnatdorchilik bildirgan holda, elchi T. Torlou dolzarb masalalar yechimida Britaniya tajribasi bilan bo‘lishishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Britaniya OTM ham O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qiziqish bildirayotganini,  ta’kidlab o‘tdi.

Shu o‘rinda, tomonlar elchi taklifiga binoan Britaniya Kengashi va ikki mamlakat OTM ishtirokida davra suhbati tashkil etish g‘oyasini muhokama qildilar. Bundan tashqari, kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqishga ham kelishib olindi.