O‘zbekiston OTMlarining umumiy reytingi tuzildi

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi 4-noyabr kuni oliy ta’lim muassasalari milliy reytingini e’lon qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etdi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Reyting natijalariga ko‘ra, yetakchi o‘rinni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti egallagan. Yuqori beshtalikni

  • O‘zbekiston milliy universiteti,
  • Toshkent tibbiyot akademiyasi,
  • Samarqand davlat universtiteti,
  • Toshkent moliya instituti to‘ldirgan.

So‘nggi o‘rinlardan —

  • Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti,
  • Navoiy davlat pedagogika instituti,
  • Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti,
  • Nukus davlat pedagogika instituti,
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti joy olgan.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar orqali eng ko‘p mablag‘ ishlab topgan OTMlar reytingi ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ ishlab topgan OTMlar:

  • Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti;
  • Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
  • Toshkent davlat agrar universiteti.

Ta’kidlanishicha, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti ilmiy tadqiqotlar orqali mablag‘ ishlab topmagan.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Ma’lum bo‘lishicha, OTMlardagi ilmiy salohiyat so‘nggi uch yilda o‘rtacha 4,2 foizga oshgan. Nufuzli xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar soni o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 15170 taga yetgan. Xorijiy talabalar soni esa 1,5 barobarga o‘sdi va 4760 nafarni ko‘rsatgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijiy professor-o‘qituvchilari va talabalari kelib faoliyat olib borayotgan davlatlar soni ikki baravar oshib, 62 tani tashkil etgan. Eng ko‘p xorijlik professor-o‘qituvchilar Turkiya, Belarus, Janubiy Koreya, Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan. Eng ko‘p talabalar Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Pokiston, Afg‘onistondan kelgan.

 

Bundan tashqari, oliygohlarning ilmiy salohiyati reytingi ham e’lon qilingan. Unga ko‘ra, yuqori o‘rinlarni quyidagi OTMlar egallagan:

  • Toshkent moliya instituti;
  • O‘zbekiston milliy universiteti;
  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti;
  • O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi;
  • Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti;
  • Samarqand davlat universiteti.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Ilk marotaba tuzilgan OTM filiallari reyting natijalariga ko‘ra, yuqori o‘rinni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali egallagan. Eng oxirgi o‘rinda esa Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali qayd etilgan.

Inspeksiya xabariga ko‘ra, mazkur reytinglarni tuzishdan maqsad filiallarning ta’lim sifatiga bo‘lgan hisobdorligini oshirish va ularni ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mehnatlarini rag‘batlantirish hisoblanadi.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oktabr oyida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi OTMlarning milliy reytingini e’lon qilgandi. O’tgan yilgi va hozirgi reyting solishtirilganda, O‘zMU yetakchilikni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga boy berib, ikkinchi o‘rinni egallagan. Samarqand davlat universiteti 3-o‘rindan bir pog‘ona pastlab, 4-o‘ringa tushgan. Shuningdek, o‘tgan yilgi reytingda kuchli beshtalikda bo‘lgan TATU 2021-yilgi reytingda 13-o‘rinni, Toshkent davlat agrar universiteti 14-o‘rinni band etgan. Yangilangan reytingda top-5 talikda ularning o‘rniga Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent moliya instituti qayd etilgan.