2022/23 o‘quv yili uchun magistratura bosqichiga hujjatlar qabuli 1 iyuldan boshlandi. NDKTU ushbu jarayon va kirish imtihonlarining o‘tkazilish tartibiga oid batafsil ma'lumotlarni keltirib o‘tadi.
Hujjat topshirish tartibi
Magistratura uchun hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha (30 iyul kuni ham) topshirilishi mumkin.
Hujjatlar magistr.edu.uz sayti orqali onlayn tarzda topshiriladi. OTMlarda hujjatlar qabul qilinmaydi.
Qabulni rasmiylashtirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar:
– pasport (bunda pasportning skaner yoki rasm varianti talab etilmaydi, kerakli o‘rinlarga JShShIR raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritish kerak xolos);
– bakalavr darajasini beruvchi diplom va baholar qayd etilgan ilovaning skaner varianti;
– chet tilini bilish sertifikati, olimpiadalar g‘olibligi, prezident yoki nomli stipendiya sohibi ekanligi va h.k.larni tasdiqlovchi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa).
Abituriyentdan shundan boshqa qo‘shimcha hujjatlar (fotosurat, maqolalar nusxasi, tibbiy ma'lumotnoma kabi) talab etilmaydi.
Saytga hujjatlarni yuklash tartibi bo‘yicha quyidagi videoyo‘riqnomada batafsil tanishish mumkin:
Qabul kvotalari
Joriy o‘quv yilida ta'limning magistratura bosqichiga respublika bo‘yicha jami 10 425 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.
Shundan 5475 nafari grant, 4950 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.
Chet tili sertifikati
Chet tilini bilish sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar magistraturaga hujjat topshira olmaydi. Chet tilidan ichki imtihon o‘tkazilmaydi.
Xorijiy tillar yo‘nalishlariga C1, qolgan barcha yo‘nalishlarga esa B2 darajasidan kam bo‘lmagan milliy sertifikat yoki unga teng darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi. Eng keng tarqalgan xalqaro sertifikat – IELs bo‘yicha filologik yo‘nalishlarda kamida 7, boshqa yo‘nalishlarda kamida 5,5 ball olish kerak.
Ona tili va adabiyot, adabiyotshunoslik kabi yo‘nalishlar ham filologik bo‘lgani uchun bitiruvchilarda C1 darajadagi til sertifikati talab qilinadi degan yanglish fikr yoki ma’lumotlar bor. Kun.uz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan aniqlik kiritishicha, bu kabi yo‘nalishlarga B2 sertifikati talab qilinadi.