Vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun BMTning Taraqqiyot dasturi hamda KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbir BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisobdor va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi bo‘yicha yetakchi ekspertlar – N.Muradasilov va N.Zikrillayeva hamda KPMG kompaniyasining Rossiya Federatsiyasi va MDHdagi vakillari – tavakkalchilik bo‘yicha maslahat bo‘limi direktori I.Burdikova, bo‘lim bosh menejeri P.Serdyuk, shuningdek, O‘zbekistondagi KPMG kompaniyasining vakillari – F.Abdullaxanov va X.Gazixanovlar tomonidan olib borildi.
Seminar-treningda vazirlik va uning quyi tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini joriy etish bo‘yicha asosiy tushuncha hamda tamoyillar, korrupsiya va uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Seminar-trening bahs va munozaralarga boy o‘tdi. Ayniqsa, vazirlik xodimlari o‘z savol va mulohazalari bilan mutaxassislarga yaxshi taassurot qoldirishdi.
Dasturga muvofiq seminar-trening o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi. Unda vazirlik huzuridagi tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlari, Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshliqlari, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari rahbarlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ullar ishtirok etadi.
Manba: Axborot xizmati